IQTIDORLILAR SARALANDI

Yurtimizning ertangi kelajagi bo’lgan yoshlarni ma’nan yetuk, intiluvchan va salohiyatli bo’lib o’sishida o’zining katta hissasini qo’shayotgan davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan o’tkazilayotgan tanlov, festival va loyihalar muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda.
Shu jumladan 2014-yildan buyon Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi tomonidan o’tkazilib kelinayotgan “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivali fikrimizning yaqqol dalili. Joriy yilning 26-may kuni Qarshi Bank kollejida tanlovning viloyat bosqichi bo’lib o’tdi.
Dastlab 8 ming ishtirokchidan 201 nafari viloyat bosqichida ishtirok etgan bo’lsa, shundan 65 ta g’olib va 24 nafari respublika bosqichiga yo’llanmani qo’lga kiritdi. Tanlov 14 yoshdan 25 yoshgacha bo’lgan iqtidorlilar o’rtasida bo’lib, “Badiiy ijod”, “Prezident asarlari bilimdoni”, “Eng iqtidorli hunarmand”, “Vatan kuychisi” kabi 8 ta nominatsiya bo’yicha o’zaro bellashdilar.
Qizg’in tarzda bo’lib o’tgan festival biz kabi yoshlar o’rtasida sog’lom raqobatni kuchaytirish, yanada o’z ustimizda ishlashga undaydi, darvoqe viloyat amfiteatrida 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili munosabati bilan “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan quramiz!” nomli gala konsertiga ulanib ketishi, yurtimizning xalq ardog’idagi mashhur san’atkorlar qo’lidan o’z yutuqlarimizni olganimizda mana shu yurtda tug’ilganimizdan faxrlanish tuyg’usi yanada mavjlanadi.
Shuningdek “Prezident asarlari bilimdoni” nominatsiyasida faxrli 1-o’rinni egallagan Farrux Kenjayevning jurnalistlarga bergan intrvyusida, “Muhtaram birinchi prezidentimiz Islom Karimovning har bir asarini qunt bilan o’rganib kelajakda uni vatan obodligi yo’lida samarali foydalanishga, har bir so’zlarini hayotiy shiorga aylantirshga harakat qilaman” degan edi.
Mana shunday tanlovlar nafaqat bellashish uchun balki yangi do’stlar va chekka-chekka hududlardagi yosh ijodkorlarni kashf etmoqda va bu kabi tanlovlar ko’payaversin deydi qatnashchilardan yana biri.

Ergashov Shodiyor