Do‘stim giyohvandlik umrim, o‘g‘risi.

Shifoxona derazasidan mayus nigohda atrofga boqib turgan Rustamning yuragini afsus nadomat chulg‘ab olgandi.Tashqaridagi ajib manzara uning e’tiborini shunchalar tortgan ediki qani endi, men ham to‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan anavu odamlar safida bo‘lib qolsam edi deya chuqur xo‘rsindi. Qovoqlariga cho‘kkan ko‘zlarini ohista yumdiyu, ortda qolgan umr yo‘llari birma-bir ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Rustam oilada yolg‘iz farzand edi. Kollejda yaxshi, odobli, tirishqoq bola edi. Orzulari osmondek cheksiz bu yigitning ota-onasi katta tadbirkor, ertadan kechgacha tinim bilmas edi. Rustamning ilm olish uchun hamma yetarli sharoit yaratib berishsada, Rustam ota onasi unga ozgina vaqt ajratishini, dilidagi gaplarini tinglashini ko‘proq ular bilan vaqt o‘tkazishini istardi. Beparvo ota onasiga Rustamning ichki intilishlarini qizig‘i yo‘q edi.Rustam nihoyatda o‘zini yolg‘iz sezar, qafasdagi qushdek har yoqa urar edi. Yaqinlaridan topmagan mehrni endi u ko‘chadan izlashga majbur edi. Rustam tez orada butkul o‘zgardi. Uyga bemahal kelsada ota-onasi sezishmasdi ham. Ko‘chadagi nohaslarning og‘u furushlar tuzog‘iga tayyor o‘lja bo‘lib bo‘lgandi. Endi u qaysi yo‘ldan yurayotganini ham anglay olmas edi. Kollejdagi o‘qituvchisi Rustam juda o‘zgarib qolganini, darsga deyarli bormasligi haqida ota-onasiga aytganda ular o‘qituvchini haydab solishdi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Rustamning giyohvandlikka berilib qolgani ota-onasiga oshkor bo‘ldi.Ular Rustamni shifokor huzuriga olib borishganda, shifokorlar uning umri tugab borayotganini aytishdi. Ha, bir paytlar farzand uchun vaqt ajratmagan ota-ona, endi o‘g‘lining boshi uzra parvona, ammo buni endi foydasi bormikan. Umrining ayni gullagan davrida, u tengilar, Vatanida yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanib, yurt ravnaqi uchun, bor aql idrokini, kuch g‘ayratini safarbar etayotgan bir paytda Rustamning xayoti sham kabi yonib oxirlab qoldi.U so‘nggi bor musaffo osmon ostida sho‘x bolalarning qiyqirishi, mashinalar shovullashi, qushlarning sayrashi-yu, suvning jildirab oqishini jon dildan tingladi.U hayotni afsus bilan tark etar ekan, yostig‘i ostida oq qog‘ozga bitgan ushbu satrlari yoshlarni bu yo‘lga kirmaslikka da’vat etar edi.
“Do‘stim giyohvandlik umrim, o‘g‘risi”
Bugun yuragimda g‘aflat qayg‘usi,
Tinglang oxirgi bor so‘zim to‘g‘risi.
Bu yo‘ldan qaytmadim sen ko‘zingni och,
Do‘stim giyohvandlik, umrim o‘g‘risi

Men uchun so‘ngi bor, charaqlar quyosh,
Bu tong qulamoqda, ko‘ksimda bardosh.
Foydasiz onajon ko‘p to‘kmang ko‘z yosh,
Do‘stim giyohvandlik umrim o‘g‘risi.

Tortib oldi mendan yoshlik zavqini,
Tortib oldi mendan yashash baxtini.
Tanimdan sug’urar yurak shavqini,
Do‘stim giyohvandlik umrim o‘g‘risi.

Qoraning usti goh ko‘rinarkan oq,
Nokasning yo‘lidan yuringiz yiroq.
Azizlar qismatim siz uchun saboq,
Do‘stim giyohvandlik umrim o‘g‘risi.

Hayot nematini bilmam qadrini,
Yutmoqqa majburman joxil qaxrini.
Yengolmas iroda taqdir zarbini,
Do‘stim giyohvandlik umrim o‘g‘risi.

Hayot daraxtida so‘lgan men yaproq,
Meni chorlamoqda hokisor tuproq.
Lek qaydan vujudga bunchalar titroq,
Do‘stim giyohvandlik umrim o‘g‘risi.

Men nodon otamni ko‘nglini g‘ashlab,
Bag‘riqon volidam ko‘zlarin yoshlab.
Ketarman ko‘klarga dunyoni tashlab,
Do‘stim giyohvandlik umrim o‘g‘risi.
“Kamolot”YoIH faoli,
Muborak tuman “Qoraqum” qishlog‘i
Inatova Gulchehra